Samarqandda azaldan fan va maʼrifat, diniy va dunyoviy ilm rivojlangan. Shu zaminning ulug‘ allomalari nomi yetti iqlimga mashhur bo‘lgan.
Ana shunday ulug‘ zotlardan biri mutafakkir hazrati Maxdumi Aʼzamdir. Asl nomi Sayid Ahmad Xoja Qosoniy taxminan 1463-64 yili Farg‘ona vodiysi Qosonsoy shahrida dunyoga kelganlar.
O‘z yurtida va Toshkentda ilm olgandan keyin Jonibek Sultonning taklifiga binoan Samarqandning Miyonqol vohasiga ko‘chib kelganlar.
U kishi kelganlaridan keyin bu vohani obodonlashtirib o‘n tup tol ekadilar. Keyinchalik bu joy o‘n tolga nisbat berilib Dahbed degan nom oladi.
Maxdumi Aʼzam hazratlari 30 dan ortiq asarlar muallifi, Naqshbandiy tariqatining bilimdoni bo‘lib, shayx maqomiga erishgan. O‘z davrida yuzlab shogirdlarini tarbiyalagan Maxdumi Aʼzam Hazratlari 1542 yil Dahbedda vafot etadi. Maxdumi Aʼzam Hazratlarining qo‘nim topgan joyiga ko‘plab allomalar va Yalangto‘sh Bahodir dafn qilingan.
Dahbeddagi «Maxdumi Aʼzam» masjidi Yalangto‘sh Bahodir tomonidan 1619 yili qo‘rdirilgan va o‘z zamonasining madaniy markazlaridan hisoblangan.
«Maxdumi Aʼzam» masjidi hovlisida 500 yoshdan oshgan chinor bo‘lib, uning tana qismi g‘ovak shakliga kirib qolgan.
Hazrati Maxdumi Aʼzam bir asarida «Din va muqaddas kitoblar inson uchun, insonni maʼnaviy-axloqiy kamolotga yetkazish uchun berilgandir. Inson din uchun emas, balki din inson uchun yaratilgandir» mazmunidagi fikrlari bayon qilingan.