Samarqandda «Focus on Tourism & Creative Economy» xalqaro kongressi o‘tkazildi.


Photo

Bugun, 22-iyun kuni bo‘lib o‘tgan “Focus on Tourism & Creative Economy” xalqaro kongressi davomida dunyo olimlari va turizm mutaxassislari turizm va kreativ iqtisodiyot sohasidagi so‘nggi yutuq va kashfiyotlar bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘zbekistonning turizm salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish maqsadida joriy yilning aprel oyida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “RESPUBLIKANING TURIZM SALOHIYATINI JADAL RIVOJLANTIRISH HAMDA MAHALLIY VA XORIJIY TURISTLAR SONINI YANADA OSHIRISHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA” Qarori qabul qilindi.

Mazkur Qarorda 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilandi. “ Focus on Tourism & Creative Economy” xalqaro kongressi shular jumlasidandir.

“Bugungi kunda O‘zbekiston turizmi sayyohlarga o‘zbek xalqning kundalik hayotining ishtirokchisiga aylanib, mahalliy madaniyat muhitiga to‘liq singib ketganda, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish imkoniyatini beradi. Yaʼni, kreativ turizmda sayyoh faqatgina diqqatga sazovor joylarni tomoshabini emas, balki turistik mahsulotning faol isteʼmolchisiga aylanadi”, – deb ta’kidladi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov.“O‘zbekiston hukumati mamlakatimizda kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlarini ko‘rmoqda. Bu turli sohalarga taalluqlidir: turizm sanoati, an'anaviy san'at, hunarmandchilik va boshqalar”,- ta'kidladi viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov.

AQSh, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, O‘zbekiston olimlari turizm sohasidagi iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratishni ta’minlovchi biznes yo‘nalishlarini tahlil qildi. Kongress kun tartibidan turizmni rivojlantirishda kreativ iqtisodiyotning kuchli tomonlari, imkoniyatlari va tahdidlari tahlili ham o‘rin oldi.

Kreativ iqtisodiyotni intellektual kapitalni muomalaga kiritish, daromad keltirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qodir bo‘lgan ijodkorlik, madaniyat, iqtisod va texnologiya o‘rtasidagi bog‘liqlik sifatida taʼriflash mumkin.

- Kreativ soha va turizm bir-birini to‘ldiradi, -  deb qayd etdi o'z nutqida Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) marketing eksperti Daisy Wang. - Turizm sektori kreativ iqtisodiyotning bir qismi sifatida ishlaydi, chunki kreativ iqtisodiyot ko‘pincha taassurot iqtisodiyoti deb ataladi. Aynan taassurotlar uchun sayyoh yuzlab va minglab kilometrlarni bosib o‘tadi.

Turizmni rivojlantirish strategiyasiga kreativ komponentni joriy etish nafaqat taniqli brendni shakllantirishga yordam beradi, balki hududni tovar va xizmatlarning tashqi bozorlariga olib chiqishning samarali vositasidir.

“Kreativ iqtisodiyot ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, savdo va ko‘ngilochar sohalarga yangi hayot baxsh etadi. Bu odamlar yashashni, ishlashni va o‘qishni xohlaydigan, ular o‘ylaydigan, ixtiro qiladigan va yaratadigan muhitni o‘zgartiradi”,- o‘z ma'ruzasida qayd etdi Arizona universiteti (AQSh) professori Erwei Dong.

 

“ Focus on Tourism & Creative Economy” xalqaro kongressi Madaniyat va turizm, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Samarqand viloyati hokimligi hamda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamkorligida tashkil etildi.