Samarqandda gidlar bilan uchrashuv: turizm sohasini rivojlantirish yo‘lida muhim tashabbuslar


Photo

Joriy yilning 5-mart sanasida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi tashabbusi bilan Samarqand viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi, Milliy gvardiya hamda Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti vakillari hamkorligida gidlar, ekskursiya yetakchilari va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar ishtirokida muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad gidlar faoliyatiga oid dolzarb masalalar muhokamasi bo‘ldi.

Yig‘ilish davomida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari gidlarni toifalash tartibi haqida ma’lumot berishdi. Mazkur tizim gidlarning malaka darajasini oshirish hamda ularning bilim va tajribalariga asoslanib aniq mezonlar bo‘yicha baholashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan gidlarning ish samaradorligini oshirish va xizmat sifatini yaxshilash maqsadida bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, yig‘ilishda muddati o‘tgan gid guvohnomalari (beydjiklar) yangilanmaganligi sababli yuzaga kelayotgan muammolar, gidlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun o‘tkaziladigan imtihonlarning kechikish sabablari muhokama markazida bo‘ldi. 

Yig‘ilishda, shuningdek, qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, Samarqandda “Gidlar maktabi”ni tashkil etish. Bu loyiha doirasida “ustoz-shogird” tizimini joriy qilgan holda tajribali gidlar yosh mutaxassislar bilan o‘z tajribalarini bo‘lishadi, amaliy mashg‘ulotlar va maxsus seminarlar o‘tkaziladi. Bu nafaqat yosh gidlarning o‘sishiga yordam beradi, balki viloyat bo‘ylab ekskursiya xizmatlarining sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Yana bir tashabbus - turizm xizmatlari sifatini oshirish va malakali gidlarni rag‘batlantirish maqsadida har yili gidlar o‘rtasida tanlov o‘tkazilishi, bu orqali esa tajribali gidlarni aniqlash va ularni maxsus mukofotlar bilan taqdirlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish so‘ngida YUNESKOning 43-sessiyasi Samarqandda o‘tkazilishi munosabati bilan Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan malaka oshirish kurslarini tugatgan gidlarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ushbu kurslar gidlarning xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish, ularga zamonaviy ekskursiya uslublari bo‘yicha qo‘shimcha bilimlar berish maqsadida tashkil etilgan.