Samarqandda jahonning mashhur realiti-shousi “The Amazing Race” suratga olindi!

Avstraliyaning “Network 10” telekanalida namoyish etiladigan mashhur “The Amazing Race” realiti-shousining navbatdagi dasturi ilk bor O‘zbekistonda suratga olindi.
2001-yildan beri efirga uzatilayotgan ushbu loyiha dunyoning eng mashhur va eng uzoq davom etayotgan sayohatga oid teleko‘rsatuvlaridan biri sanaladi. Har bir sonini o‘rtacha 10 million tomoshabin kuzatadigan ushbu shou 20 dan ortiq “Emmi” mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Butunjahon Turizm Tashkiloti (BMT)ning ma’lumotlariga ko‘ra, “The Amazing Race” 320 milliondan ortiq insonni sayohat qilishga ilhomlantirgan.
Joriy yilning 24–27-mart kunlari shouning 3 ta epizodi Samarqand shahri va Urgut tumanidagi turistik qishloq – Tersakda suratga olindi. Suratga olish jarayonida 120 nafarga yaqinnoj tasvirga olish jamoasi a’zolari ishtirok etdi. Samarqandning tarixiy obidalari, mahallalari, bozorlari va ko‘chalari ishtirokchilarning asosiy manzillariga aylandi. Shou davomida Avstraliya va Yangi Zelandiyaning eng mashhur shou-biznes va sport yulduzlaridan iborat jamoalar o‘zaro raqobatlashdi. Ular sumalak tayyorlash, milliy taomlar, meva-sabzavotlar, milliy cholg'u asboblari, “lazgi” raqsi ijrosi kabi o‘zbek xalqining boy madaniyati va an’analari bilan yaqindan tanishdilar.
Dunyo bo‘ylab 95 dan ortiq mamlakatlarda suratga olingan ushbu loyiha tashabbuskorlari – Next Field International LLC (AQSh) kompaniyasidir. Next Field International LLC vakillari O‘zbekistonda olib borilgan suratga olish jarayonlaridan mamnun ekanliklarini bildirgan holda, mamlakatimizda boshqa mashhur realiti-shoular va turistik teleloyihalarni amalga oshirish rejalari borligini bildirishdi.
Samarqand – nafaqat tarixiy yodgorliklar, balki xalqaro ommaviy axborot vositalari uchun ham betakror sahna!