Samarqandda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ichki turizm yarmarkasi bo'lib o'tdi

Joriy yilning 28-mart kuni Samarqand shahar Registon maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-9-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktyabrdagi “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizm yarmarkasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 646-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ichki turizm yarmarkasi tashkil qilindi.
Yarmarkada 200 ga yaqin respublikamizda faoliyat yurituvchi yetakchi turistik kompaniyalar, joylashtirish vositalari hamda turizm va xizmat ko‘rsatish sohasidagi boshqa tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, 2500 dan ortiq mehmonlar ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida milliy hunarmandchilik mahsulotlari, turistik korxonalar hamda joylashtirish vositalarining imkoniyatlarini namoyish etuvchi taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, soha vakillari o‘rtasida B2B (tadbirkor-tadbirkor) va B2C (tadbirkor-mimjoz) mexanizmlari asosida uchrashuvlar tashkil etilib, tajriba almashish va hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida yarmarkada faol qatnashgan ishtirokchilarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.