Samarqandda“Kelajakdagi turizm ustalari” ko‘rik-tanlovi bo'lib o'tdi


Photo

Bugungi kunda Samarqand viloyatida bir nechta oliy o‘quv yurtlari va texnikumda turizm va mehmondo‘stlik sohasi uchun mutaxassislar tayyorlanmoqda.

26-yanvar kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Kelajakdagi turizm ustalari” ko‘rik-tanlovi yoshlarning turizm sohasida mehnat qilishga nechog‘li ishtiyoqi borligini yaqqol namoyon etdi.

Ko‘rik tanlovda Xalqaro turizm va madaniy meros universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis hamda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar  institutlari hamda Turizm va madaniy meros texnikum talabalari, jami beshta jamoa ishtirok etdi.

Bo‘lajak mutaxassislardan iborat har bir jamoa mintaqamizning turizm salohiyatini namoyon etish va xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga qaratilgan o‘z Startaplarini taqdim etdi.

Shuningdek, restoran menejmenti yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ajratilgan ma’lum vaqt ichida yengil taomlar tayyorladilar va kechki ovqat dasturxonini servirovkasini izohlab berdilar.

Gidlik xizmatini ko‘rsatish tanlovi tomoshabinlar va hakamlar hay’atida alohida qiziqish uyg‘otdi. Talabalar nafaqat Samarqandning diqqatga sazovor joylari haqidagi nazariy bilimlarini, balki sayyohlar e’tiborini jalb qilish, vaziyatni tez tushunish qobiliyatlarini ham namoyish etdilar.

Tanlovda Xalqaro turizm va madaniy meros universitetining “Ipak yo‘li” jamoasi g‘olib deb topilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Samarqand turizm va madaniy meros kollejining “TurStar” jamoasiga nasib etdi.