TURIZM INFRATUZILMASINI RIVOJLANTIRISH UCHUN DAVLAT SUBSIDIYALARINI AJRATISH BO'YICHA YANGI QAROR QABUL QILINDI


Photo

2024-yil 18-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi PF-102-son farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek,  hududlarda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 919-son qarori tasdiqlandi. Ushbu qaror YuNESKO ro‘yxatidagi tarixiy hududlar va turizm rivojlanmagan tumanlarda mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, YuNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda toifali (yulduzli) mehmonxonalar qurish uchun va mehmonxona mavjud bo‘lmagan tumanlarda kichik otellar tashkil etish uchun davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi.

Qarorga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 31-dekabrga qadar yangi qurilgan (rekonstruksiya qilinmagan) mehmonxonalar va kichik otellarga quyidagi miqdorda subsidiyalar ajratiladi:

➕ YuNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlardagi mehmonxonalar uchun: Mehmonxonaning yulduz toifasiga qarab davlat byudjetidan moliyaviy yordam ko‘rsatiladi.

➕ Respublikaning mehmonxona mavjud bo‘lmagan tumanlarida kichik otellar uchun: Har bir mehmonxonaning umumiy xonalar soniga qarab, 10 mln so‘mdan 20 mln so‘mgacha subsidiyalar taqdim etiladi.