Turizmni rivojlantirish hisobiga aholi bandligini oshirish masalasi Senatda muhokama qilindi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, birinchi navbatda transport-logistika va turizm infratuzilmasidagi muammolarni tezkor hal etish, shuningdek, mavjud resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hisobiga turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Mamlakatimizda mazkur sohaga oid munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy baza yaratildi va doimiy takomillashtirilib borilmoqda. “Turizm to‘g‘risida”gi Qonun ham shular jumlasidandir.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligining hisoboti tinglandi.
Unda Turistlarning, ekskursantlarning va turizm sohasi subyektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi, turizmni barqaror rivojlantirish va buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, turizm sohasida tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining bir qator Farmon va qarorlari asosida yangi vazifalar va chora-tadbirlar belgilandi. Bu esa, sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Senatorlar va deputatlar aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berib o‘tdilar.
Tadbirda senatorlar va deputatlar tomonidan mazkur sohada olib borilayotgan chora-tadbirlar barcha hududda izchillik bilan tashkil etilayotgani, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan amaliy ishlarni ijobiy baholagan holda sohani yanada rivojlantirishga oid qator taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tadbirda mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis palatalari va vazirlikning o‘zaro hamkorlikda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalari belgilab olindi.