Samarqandning buyuk shahslari


Photo

Islom dini taʼlimotini oʻrganish, sunnat va hadisni toʻplashda Movarounnahrda yashab ijod etgan yetuk muhaddis, tafsir, hadis kabi fanlar asoschilaridan biri Imom Dorimiy alohida oʻrin tutadi. 

Uning shoh asari boʻlmish “Sunan” nafaqat nodir meros, balki “Kutubi tisʼa”, yaʼni “Toʻqqiz kitob” deb ataluvchi eng ishonchli hadislar toʻplamidan biri sifatida gʻoyat qadrlidir.

Imom Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdulloh Abu Muhammad Tamimiy Dorimiy Samarqandiy 181/797 yili Samarqandda tavallud topgan. 

“Ciyar aʼlomin nubalo”, “Tabaqotul huffoz” va “Aʼlom” asarlarida Imom Dorimiy Movarounnahrning eng yirik muhaddislaridan biri sifatida eʼtirof etilgan.

Imom Dorimiyning “Musnadi” musulmon kishining shaxsiy va ijtimoiy hayotida uchraydigan deyarli barcha holat (masala)larni oʻz ichiga olgan keng qamrovli asardir. Kitob fiqhiy boblarga boʻlib yozilgani, turli (marfuʼ, mavquf, maqtuʼ) hadislar mavjudligini eʼtiborga olib, uni “Sunan” deb atash tarafdori boʻlgan ulamolar koʻpchilikni tashkil etadi. 

Imom Dorimiyning “Sunan”ida Qurʼoni karimning 51 surasidagi baʼzi oyatlar hadislar orqali sharhlangani allomaning yetuk mufassir ham boʻlganidan dalolat beradi.

Imom Dorimiyning “Sunani” boblariga nom berish, bahs-munozarali hadislar boʻyicha izoh yozish va oʻz fikrlarini qayd etish usuli, shuningdek, boshqa sahih toʻplamlarda uchramaydigan hadislar rivoyat qilingani, roviylar silsilasining qisqaligi bilan alohida ajralib turadi.