"Bog'ibaland" turizm mahallasi

   “Bog‘ibaland” – Sohibqiron Amir Temur asos solgan va bugungacha saqlanib qolgan mashhur bog‘lardan biridir. U Eski Ko‘hak, hozirgi Cho‘ponota tepaligining yon bag‘rida, shaharning shimoliy qismida, Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan. “Boburnoma”da mazkur hududda Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Og‘abegimga atab “Bog‘ibaland” bog‘i barpo etilgani va unda to‘kin anjirzorlar borligi yozilgan. Bog‘ni o‘ragan devor xarobalarini XX asr boshlarida ham ko‘rish mumkin bo‘lgan. Bu yerni shimol tomondan Zarafshon daryosi, g‘arb tomondan Cho‘ponota tepaligi, janub tarafida Samarqand shahri, sharqida esa keng bepoyon dalalar joylashgan. Bog‘da alohida anjirzor, uzumzor, olmazorlar bo‘lib, ular bog‘ manzarasiga o‘ziga xos husn qo‘shgan. Bog‘ning o‘rtasida yuksak mahorat bilan barpo qilingan ko‘shk qad rostlab turgan, bog‘ning atrofi baland devor bilan o‘ralgan. Shimoliy tomoni Zarafshon daryosining qirg‘oqlari bilan chegaralanib turgan. Bugungi kunda bog‘ hududida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan 40 gektarlik maydonda anjir yetishtiriladi.