“Konigil turizm qishlog‘i” ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda


Photo

“Konigil turizm qishlog‘i” ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda

 

Maʼlumki, har qanday mamlakat mahalliy aholisining madaniyati, anʼanalari va turmush tarzi o‘sha yerning o‘ziga xos turistik salohiyati hisoblanadi.

«O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoniga asosan yuqori turizm salohiyatga ega bo‘lgan fuqarolar yig‘inlari hududlarida sayyohlar uchun kamida besh xil xizmat turi ko‘rsatilgan taqdirda, ularga «Turizm mahallasi», «Turizm qishlog‘i» yoki «Turizm ovuli» maqomi berilib kelinmoqda.

Samarqand tumanidagi Konigil qishlog‘iga rasman “Turizm qishlog‘i” sertifikati 2020 yilda berildi.

Konigil qishlog‘i Samarqand qog‘ozi, kulolchilik, duradgorlik va boshqa hunarmandchilik anʼanalari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan hudud sanaladi.

Qishloq aholisi hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va albatta o‘z mehmondo‘stligi bilan mashhurdir. Majmua hududida mehmonlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Mehmon uylari, dam olish zonalari, piyoda yo‘laklari, umumiy ovqatlanish shahobchalari. Bu yerda sayohatchilar dam olishlari, tabiatdan bahra olishlari, Siyob va Obi Rahmat ariqlari bo‘ylab sayr qilishlari va milliy oshxona taomlaridan tatib ko‘rishlari mumkin.

Samarqand tumanidagi “Konigil turizm qishlog‘i” loyihasi birinchi bosqichining ishga tushirilishi, mahalliy va xorijiy sayyohlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Mazkur loyihaning ikkinchi bosqichida esa 18 ta hunarmandlar markazi, 15 ta ko‘ngilochar markazlar, umumiy ovqatlanish shahobchalari hamda 18 ta joylashtirish vositalari tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga Siyob arig‘i bo‘ylab 2,2 km va Obi Rahmat arig‘i bo‘ylab 1,3 km uzunlikda ikki tomonlama piyodalar yo‘lakchalari tashkil etiladi.

Loyiha qiymati 31,0 mlrd.so‘mni tashkil etadi, shundan infratuzilma obyektlari qiymati 6,4 mlrd.so‘m

Mazkur loyihaning ishga tushishi bilan 300 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.